Toshkent issiqlik markazi kuz-qish mavsumiga hozirlanmoqda

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ poytaxtimizdagi jami 9 ta issiqlik markazida kuz-qish mavsumida aholini barqaror issiqlik manbai bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Bugunga qadar ta’mirlash ishlari bo‘yicha tasdiqlangan dastur asosida belgilangan ishlarning 96,3 foizi yakuniga yetkazildi.

Ma’lumki, issiqlik energiyasining asosiy ishlab chiqaruvchisi hisoblangan “Toshkent issiqlik markazi” MChJ poytaxt aholisini issiqlik energiyasi manbai bilan ta’minlaydi. Hududda aholi sonining yildan-yilga ortib borishi va talabning ham shunga mutanosib o‘sib borayotgani tizimda shunga yarasha ta’mirlash, yangiliklarni joriy etish va modernizatsiya choralarini ko‘rishni talab etdi. Shunga ko‘ra, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan markazlarni 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Markazlar faoliyati bevosita aholining kundalik turmush sharoiti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois, dastur ijrosida vaqt va sifat masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti.

Jumladan, hozirga qadar mavjud jami 56 ta qozon agregatining 52 tasida joriy ta’mirlash ishlari 93 foiz bajarildi. Yana 4 tasida esa joriy ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida umumiy nasos agregatlarini kapital va joriy ta’mirlash ishlari 97 foiz bajarildi. Xususan, mavjud 239 ta nasos agregatlaridan 235 tasida kapital va joriy ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi, 4 tasida esa jarayon davom etmoqda.

Mutasaddilarning bildirishicha, dasturni ishlab chiqishda barcha jihatlar to‘liq inobatga olinishiga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, o‘rganishlar davomida aniqlanishicha 3- va 5- issiqlik markazlaridagi 2000 kub metr hajmdagi quvurlar va yordamchi uskunalarning issiqlik qoplamalarini yangilash va ta’mirlash zarur edi. Ta’mir kampaniyasi davomida qoplamalar 100 foiz to‘liq kapital ta’mirlandi.

Qolaversa, aynan mana shu markazlarda ob-havo harorati keskin pasayganda va tabiiy gaz bosimi me’yoridan tushib ketganda ham ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida ikkitadan qozon agregati modernizatsiya qilindi. “O‘zbekenergota’mir” AJ pudratchiligida olib borilgan ishlar natijasida qishning anomal sovuq kunlarida ham aholining issiqlikka bo‘lgan talabi zaxira yoqilg‘isi hisobiga uzluksiz qondiriladi.

Shuningdek, 5-,6-,8- issiqlik markazlaridagi jami 3 ta qozon dudburonlarining korroziyaga qarshi qoplamalari 100 foiz yangilandi. 3-,4-,5-,7- issiqlik markazlaridagi 4 ta filtr ichki korroziyaga qarshi qoplamalar bilan qoplandi.

Xabaringiz bor, joriy yilning yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuq ob-havo sharoitida Chilonzor tumani “Oqtepa” va “Bog‘zor” MFYlarida joylashgan 50 ta ko‘p qavatli uylar va 7 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik tarmog‘ining so‘ngi qismida joylashgani va issiqlik tarmoqlarining eskirganligi sababli qator muammolarga duch kelgan edi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yilning 20-yanvarida “Toshkent shahri
.aholisini qo‘shimcha issiklik va elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 23-son qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri issiqlik tarmog‘ining so‘ngi qismida joylashgan 11 ta mahallaga kogeneratsion qurilmalarni o‘rnatish hamda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish vazifasi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ zimmasiga yuklatildi. Shu tariqa respublikada yagona bo‘lgan, umumiy qiymati 10 mln AQSh dollariga teng loyiha “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda Turkiyaning “ILTEKNO” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Germaniya Federativ Respublikasidan quvvati 4,6 MVt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan gaz-porshen qurilmasi hamda 25 MVt bo‘lgan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi qozon qurilmalari olib kelib o‘rnatildi. Shuningdek, Chilonzor tumanida joylashgan 57 ta ko‘p qavatli kvartiralar va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berilayotgan issiqlik tarmog‘i to‘liq almashtirilib, yopiq tizimga o‘tkazildi hamda har bir bino uchun alohida issiqlik taqsimlash qurilmalari o‘rnatildi.

Issiqlik markazlarida o‘z ehtiyoji uchun sarflanadigan elektr energiyasi va issiq suvni ham aholiga yo‘naltirish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda 1-issiqlik markaziga 25 kVtli quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha pudratchi tashkilotlar bilan tegishli tartibda shartnomalar tuzish choralari ko‘rilyapti. Qolaversa, 6-,7- issiqlik markazlariga ham tez orada 6 ta quyosh suv isitkichlari o‘rnatiladi.

 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati